SkillNest Docs/Platforma Asoslari/Mobil Ilova (Android)

Mobil ilova (Android)

SkillNest Android ilovasi platformaning barcha asosiy imkoniyatlarini telefoningizda beradi: kurslar, testlar, jonli darslar, chat va sertifikatlar. Ilova bir xil hisob va bir xil ma'lumotlar bilan ishlaydi, shuning uchun saytda boshlagan ishingizni telefonda davom ettirasiz.

1. O'rnatish#

Ilova hozircha faqat rasmiy saytimizdan tarqatiladi (Play Store'da emas):

  1. Telefoningizda skillnest.uz/android sahifasini oching.
  2. APK yuklab olish tugmasini bosing (taxminan 86 MB).
  3. Yuklangan SkillNest.apk faylini oching. Android "noma'lum manbalardan o'rnatish" ruxsatini so'rasa, brauzeringiz (Chrome yoki fayl menejeri) uchun yoqing.
  4. O'rnatish tugmasini bosing va ilovani oching.

Muhim: ilovani faqat skillnest.uz dan yuklab oling. Boshqa saytlar, Telegram kanallari yoki fayl almashish xizmatlaridagi nusxalarga ishonmang.

Talab: Android 8.0 va undan yangi, internet aloqasi (oflayn holatda ilgari ochilgan ma'lumotlar ko'rinadi).

2. Kirish usullari#

Kirish ekranida quyidagilardan birini tanlaysiz:

  • Login va parol;
  • Telegram orqali (bot tasdiqlaydi, parol shart emas);
  • Gmail kodi: pochtangizga kelgan 6 xonali kod bilan;
  • Google bilan kirish: telefondagi hisobni bir bosishda tanlaysiz.

Yangi foydalanuvchi shu ekranning o'zida ro'yxatdan o'tadi.

3. Asosiy bo'limlar#

Pastdagi panel beshta bo'limdan iborat:

Bo'limNima bor
BoshXP va streak, tezkor kartalar (Reyting, Sertifikatlar, Kod muharriri, Qidiruv, Yordam, Bildirishnomalar), jonli darslar, tavsiya etilgan kurslar
KatalogKurslar, Testlar va Imtihonlar; qidiruv, kategoriya va daraja filtrlari
JonliJonli, Rejalangan va Yakunlangan darslar
ChatShaxsiy suhbatlar va guruhlar
ProfilMa'lumotlar, sozlamalar, mavzu, chiqish

O'qituvchi va administratorlarda Profil ichida Boshqaruv bo'limi ham bor: kurs, test va jonli dars yaratish, so'rovlar.

4. Imkoniyatlar#

  • Kurslar: video darslar (rasm ichida rasm rejimi bilan: ilovadan chiqsangiz ham video davom etadi), dars izohlari, progress. Videoning kamida 90% ko'rilgandan keyin "Tugatdim" tugmasi ochiladi.
  • Testlar va imtihonlar: vaqt hisobi, javoblarni aralashtirish; test paytida ekran suratga olish bloklanadi, ilovadan chiqib ketsangiz urinish tugaydi.
  • Sertifikatlar: raqam bo'yicha istalgan sertifikatni tekshirish, o'zingizniki: ulashish, QR kod va PDF.
  • Jonli darslar: ekran ulashish, so'z so'rash (qo'l ko'tarish), o'qituvchi ruxsat bersa gapirish. O'qituvchi "Hammaga ruxsat" tugmasi bilan hamma uchun mikrofonni ochishi mumkin.
  • Chat: shaxsiy suhbat va guruhlar, kurs yoki test havolasini suhbatga ulashish. Boshqa foydalanuvchining profilidan to'g'ridan-to'g'ri xabar yozish mumkin.
  • Bildirishnomalar: yangi xabar, jonli dars boshlanishi, javoblar. O'qituvchiga "ruxsat so'radi" bildirishnomasida Ruxsat berish va Rad etish tugmalari bor: ilovani ochmasdan javob berish mumkin. Turlarini Sozlamalar → Bildirishnomalar bo'limida o'chirib-yoqasiz.
  • Til va ko'rinish: o'zbek, rus va ingliz tillari; yorug', qorong'i yoki avtomatik mavzu.
  • Oflayn kesh: oxirgi ochilgan sahifalar internet bo'lmaganda ham ko'rinadi; aloqa yo'qligi tepada ko'rsatiladi.
  • Barmoq izi / yuz bilan qulf: Sozlamalarda yoqiladi.

5. Yangilanishlar#

Ilovani qayta yuklab olish shart emas:

  • Kundalik yangilanishlar: ilova ochilganda oxirgi versiyani o'zi tekshiradi. Yangilanish bo'lsa, to'liq ekranda "Yangilanmoqda" (hajmi bilan) ko'rinadi va ilova yangi versiya bilan ochiladi. Har bir foydalanuvchi, yangi o'rnatgani ham, doim oxirgi versiyani ko'radi.
  • Katta yangilanishlar: yangi versiya chiqsa, ilova "Yangi versiya" oynasini ko'rsatadi va yangi APK'ni o'zi yuklab o'rnatishni taklif qiladi.

Sozlamalar → Yangilanishni tekshirish bilan qo'lda ham tekshirishingiz mumkin.

6. Xavfsizlik#

  • Ilova rasmiy kalit bilan imzolangan; faqat skillnest.uz dagi nusxani o'rnating.
  • Parol, Telegram kodi va Gmail kodini hech kimga bermang. SkillNest xodimlari ularni so'ramaydi.
  • Telefon yo'qolsa: saytda Profil → Xavfsizlik bo'limidan faol qurilmalarni ko'rib, keraklisini chiqarib yuborasiz.
  • Hisobni o'chirish: ilovada Sozlamalar → Xavfsizlik.

7. Muammolar va yechimlar#

MuammoYechim
APK o'rnatilmayaptiBrauzer uchun "noma'lum manbalardan o'rnatish" ruxsatini yoqing; xotira yetarliligini tekshiring
"Ilova o'rnatilmadi, paket mavjud"Oldingi (boshqa imzoli) SkillNest nusxasini o'chirib, qayta o'rnating
Ilova aloqa yo'q deydiInternetni tekshiring; ulanish tiklanganda ilova o'zi yangilanadi
Bildirishnoma kelmayaptiTelefon sozlamalarida SkillNest bildirishnomalariga ruxsat bering, batareya tejash rejimini o'chiring
Google bilan kirish ishlamayaptiTelefonda Google hisobi borligini va Google Play xizmatlari yangiligini tekshiring
Video ko'rinmayaptiInternet tezligini tekshiring; kurs yopiq bo'lsa, avval unga yoziling

8. Ko'p so'raladigan savollar#

Ilova pullikmi? Yo'q, ilovaning o'zi bepul; kurslar narxi saytdagi kabi.

iPhone uchun bormi? Hozircha faqat Android uchun. iPhone foydalanuvchilari saytdan to'liq foydalanishi mumkin.

Saytdagi ma'lumotlarim ilovada bormi? Ha, bir xil hisob: kurslar, XP, sertifikatlar va xabarlar sinxron.

Nega Play Store'da yo'q? Ilova hozircha o'z saytimizdan tarqatiladi. Yangilanishlar ilovaning o'zi orqali keladi.

SkillNest Docs • 2026